Байрам ва марака маросимлари

IFTIXOR RAMZIMIZ

IFTIXOR RAMZIMIZ

 

18-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasdiqlangan kun sifatida tariximizda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu kun, nafaqat davlat suverenitetining ramzi sifatida bayrogʻimizning tasdiqlanganligini eslatadi, balki uning ortidagi chuqur maʼnaviy va diniy mazmunni anglash uchun imkoniyat yaratadi. Bayroq – bu millatning oʻzligini, ruhiyatini, gʻururini va qadriyatlarini aks ettiruvchi yuksak belgi.

Oʻzbekiston bayrogʻi uch asosiy rangdan iborat boʻlib, har biri oʻziga xos maʼnaviy va tarixiy va ramziy mazmunga ega:

Bayrogʻimizdagi koʻk rang – tinchlik va osmon timsoli. Islom dini ham tinchlik dini boʻlib, Allohning qudratini yuksak osmon va cheksiz kengliklar orqali tasavvur qiladi. Bayrogʻdagi koʻk rang bizga Allohning tinchlik va osoyishtalikni yaratganligini eslatadi. Oq rang esa – poklik va halollik ramzi. Islomiy qadriyatlar poklik va halollikni insonning iymoniga asosiy mezon sifatida qoʻyadi. Oq rang davlatimizning halol, adolatli va pok siyosiy yoʻnalishlarini aks ettiradi. Bayrogʻimizdagi yashil rang esa  – tabiat, hayot va yashnash ramzi. Islomda yashil rang jannat ramzi sifatida taʼriflanadi. Bayrogʻdagi yashil rang Vatanimizning farovonligi va oʻz kelajagiga boʻlgan ishonchini ifodalaydi. Yarim oy va yulduzlar – islomiy tamaddunning tarixiy ramzlari. Yarim oy musulmon ummatining birdamligini, yulduzlar esa xalqimizning orzu-umidlarini va yuksak maqsadlarini bildiradi.

Davlat bayrogʻi har bir yurtdoshimiz uchun gʻurur va masʼuliyat timsolidir. U faqat bir rasmiy ramz emas, balki milliy birlik va birdamlikning maʼnaviy ustunidir. 

Bu oyat bizga shuni eslatadiki, xalqimiz Allohning yerdagi xalifasi sifatida, oʻz davlatining ramzlarini ulugʻlash va himoya qilish masʼuliyatini zimmasiga olgan.

Oʻzbekiston bayrogʻi xalqimizning boy tarixi va qadriyatlarini oʻzida mujassamlashtiradi. Ushbu ramz Temuriylar davri kabi ulugʻvor tamaddunlarning davomchiligi ekanimizni eslatadi. Islom dunyosining koʻzga koʻringan allomalari – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Fargʻoniy va Beruniy kabi ulugʻ siymolarning merosi, milliy ramzlarimizda ham oʻz aksini topgan.

Davlat bayrogʻini sevish va hurmat qilish – iymonning bir koʻrinishi. Chunki Islom shioriga aylanib ulgurgan mashxur ibora: "Vatanga muhabbat iymondandir," – deyilishi vatanni sevish uning shiorlari, ramzlarini ham xurmat qilishni anglatadi.

Bayroqni hurmat qilish – Vatan uchun jon fido qilgan ajdodlarimizning mardonavor kurashlarini qadrlash, kelajak avlodlarga shonli tariximizni yetkazishdir. Shu bilan birga, bayroqni qadrlash Vatanimizni rivojlantirish va uni himoya qilish yoʻlida fidokorona xizmat qilishni talab qiladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak Oʻzbekiston Davlat bayrogʻi – bu mustaqillik, milliy gʻurur va maʼnaviy yuksaklik ramzi. 18-noyabr kuni bayroq tasdiqlangan kunni nishonlash, nafaqat davlatimiz ramzini yodga olish, balki uning ortidagi chuqur diniy va maʼnaviy mazmunni his qilishdir. Ushbu kun har birimizni Vatanimiz uchun masʼuliyatni chuqur his qilishga, bayrogʻimizni yurakda saqlab, uni dunyo boʻylab baland koʻtarishga undaydi. Alloh bayrogʻimizni doimo baland tutishimizni va uning ostida tinchlik va farovonlikda yashashimizni nasib etsin!

 

                                                            Mubashshir MAXKAMOV

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 
Namangan viloyat vakilligi mutaxassisi

Related posts