Barchamizga ma`lumki, yoqotilgan har qanday narsani topish mumkin, ammo vaqtni topish ham orqaga qaytarishning ham iloji yo`q. Shunday ekan, har bir oqil musulmon vaqtini qadriga yetishi lozim.
Qolaversa hisob – kitob kunida bandaga beriladigan asosiy to`rt savoldan ikkitasi ana shu vaqt haqida bo`ladi. Muoz ibni Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Banda qiyomat kuni to`rt xislatidan so`ralmagunicha bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi, bu savollardan birinchisi – umrini nima bilan o`tkazgani; ikkinchisi – yoshlik davrida nima bolan mashg`ul bo`lgani; uchunchisi – mol – dunyoni qay yo`sinda (qaysi kasb orqali) topgani va nimalarga sarflagani; to`tinchisi – ilmiga qayday amal qilganidan so`raladi”.
Har kuni tong ottirar ekanmiz xar birimizga 24 soat vaqt beriladi. Dinimizda vaqtga e`tibor o`ta muhim bo`lganidan ko`plab ibodatlar aniq vaqtga belgilab qo`yilgan. Qolaversa Alloh taolo Qur`oni Karimning juda ko`p suralarida vaqt bilan qasamyod qilgan. Alloh taolo Qur`onda nima narsa bilan qasam ichgan bo`lsa, ana shu narsa uni muhimligini bildiradi. O`tayotgan har bir lahza bizning aziz umrimizning bir qismi.
Ulamolar o`tayotgan vaqt haqida : ” Vaqt betaraf bo`lmaydi, yo senga qadrdon do`st, yoki ashaddiy dushman bo`ladi” – deyishgan ekan.
Alloh taolo bizlarga bergan ne`matlarini shukrini ado etishimizga umrimiz yetmaydi. Shundoq ekan, vaqtlarimizni zoya qilishga umuman haqqimiz yo`q. O`tkazayotgan har bir daqiqamiz oxiratda foydamizga yoki bizlarning zararimizga hujjat bo`lishini unutmasligimiz kerak.
Vaqtning qadri baland bo`lganligi uchun ham dinimizda tongda erta uyg`nishlikka targ`ib qilingan. Musulmon kishining vaqti erta tongda boshlanadi. Bomdod namozidan so`ng quyosh chiqqunicha oralig`dagi vaqtda baraka bor. Shuning uchun xar birimiz yangi kunimiz qaysi kun bo`lishidan qat`iy nazar erta turib ish boshlashimiz kerak.
Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Yo Alloh, ummatimning tongiga baraka bergin”, deb duo qilgan ekanlar.
Fotima roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Men tong otganida o`rnimda yotgan edim, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o`tib qoldilar va oyoqlari bilan meni turtib: “Hoy, qizginam, tur o`rningdan, Robbing beradigan rizqni qarshi ol, g`ofillardan bo`lma. Аlbatta, Alloh taolo odamning rizqini tong otganidan quyosh chiqqunicha bo`lgan vaqt oralig`ida taqsim qiladi”, dedilar.
Dinimizda chiroyli bir qoida bor: “Erta yotib, erta tur”.
Biz musulmonlar vaqtlarimizni qadrini yaxshi anglashimiz lozim. Chunki vaqt umrimiz, vaqtimizni o`tishi esa, umrimizni o`tishidir.
Dunyoga kelgan xar bir insonning umri vaqt ko`rinishida o`tib boradi. Bu dunyodan ketish muddatimiz yetib kelganida, unga bo`yin sunib bu dunyoni tashlab ketishga majburmiz. Ketish vaqti bugunmi, ertagami, qachon kelishi noma`lum, lekin kelishi aniq. Deyarli har kuni falonchi vafot etibdi deymiz. Bir kuni kelib biz xaqimizda ham falonchi vafot etibdi deyishadi. O`shanda odamlar falonchi nima qoldiribdi deyishsa, farishtalar falonchi nima olib kelibdi deyishadi.
Ali Tantoviy aytadilar: ”Bir kuni shayh Jamol Qosimiy keraksiz narsalar bilan vaqtini zoye qilayotgan yigitlarning oldidan o`tayotib afsus bilan: ”Eh, qani endi vaqt sotilganida edi, albatta vaqtlarini sotib olar edim” – degan ekanlar.
Vaqt qanchalik qimmat va bebaho bo`lishiga qaramasdan hozirgi paytga kelib ko`pchiligimiz undan dunyo va oxiratimizda foydali qilib foydalanib qolish o`rniga uni befoyda amallar bilan isrof qilishga musobaqalashyapmiz.
Vaqt haqida Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam : ”Ikki ne`mat borki, ko`p insonlar ulardan maxrumdir. Biri sog`liq, ikkinchisi bo`sh vaqt” – degan ekanlar.
Demak, vaqt katta ne`mat va ulkan hadiyya bo`lib, hadisi sharif lafzida “ko`p insonlar ulardan maxrumdir” deyilishiga ko`ra, bunday buyuk hadiyyadan juda kam insonlar baxramand bo`lar ekan. Bu ikki ne`matni isrof qilib bebaxra qoladiganlar esa ko`pchilikni tashkil qilar ekan.
Haqiqatda ham yuqoridagi bu ikki narsa insonga berilgan katta ne`matlardandir. Gohida sog`lom bo`lsak – da, og`ir mehnat bilan band bo`lganligimiz sabali fazilatli amallardan bebaxra qolamiz. Ba`zisa esa, og`ir mehnatlardan bo`shaganimizda, fazilatli amallarni qilay deganimizda esa, sog`lig`imiz ko`tarmaydi.
Shuning ucuh ham bir keksa olim o`z shogirtlariga :” Ish qobiliyating borida ishlab ol, chunki men bugun ishlashni hohlayman – u lekin unga qodir emasman” – degan ekanlar.
Baqt tez tugaydigan va tez o`tib ketadigan narsadir. Kim unga e`tiborsiz bo`lib, o`tkizib yuborsa, o`tkazib yuborgan imkoniyatlari ko`payadi va turgan gapki, xasrati ham ko`payadi. O`tkazib yuborgan narsalarinimizni ortga qaytarishga urunamiz – u, qaydan han bugun kecha o`tib ketgan kunimiz qaytib kelsin.
Imom Shofe`iy rjziyallohu anhu :” Men so`fiylar bilan yurib, ikki so`zdan foyda oldim:
“Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang, u seni kesadi”.
“Nasfingni agar haq bilan bilan mashg`ul qilmasang, u seni botil bilan mashg`ul qiladi” – degan ekanlar.
Kim vaqtini qadriga yetgan bo`lsa, juda katta natijalarga erishgan. Uzoqqa bormaylik, imom Abdulhay Laknaviy yuz yilcha avval hijriy 304 – yilda 39 yoshlarida vafot etgan ekanlar. Yozgan kitoblari 110 tadan oshar ekan. Yozgan kitoblarini yashagan kunlariga bo`linsa, har bir kunlariga 600 varaqdan to`g`ri kelgan ekan. U kishini tug`ilganlaridan vafot etgunlarigacha muddatda shuncha kitob. Go`daklik, bolalik, o`spirinlik, talabalik davrlari ham shu hisobda.
Bizlar ham vaqtimizni qadrlasak, qadriga yetsak, undan oqilona foydalansak, vaqt doimiy va hisobsiz emasligini anglasak, har bir soatning millarini o`tishi siz bilan bizning aziz umrimizning o`tishi ekanligini fahmlasak, soatning har bir mili o`tishi bilan biz ham shuncha o`limimizga yaqinlashganimizni idrok etsak, o`tib ketgan vaqtimiz qiyomat kuni biz uni qanday o`tkizganimiz haqida guvohlik berishini tushunsak bizlar ham juda ko`p ishlarga ulguramiz insha Alloh.
Alisher Sharipov,
Namangan shahri “Mavlono Aliyul qori”
jome masjidi imom xatibi