Раддия

BUNI BILMASAK BO'LMAYDI

BUNI BILMASAK BO'LMAYDI

Bemazhablarning “bir mazhabni lozim tutish harom, balki mazhablardan ba’zida unisiga va bazida bunisiga ergashib, ulardan Quro’n va Sunnatga eng yaqinrog’iga amal qilsa bo’ladi” degan gaplari ham bor, bunga qarshi dalil sifatida alloma Zafar Ahmad Usmoniyning “E’lous-sunan” nomli kitobidan quyidagilarni e’tiboringizga havola qilishni lozim topdim: “Muayyan mazhabni lozim tutish haqidagi tahqiq: “Haqiyqatni aytganda dinda iqtido qilinadigan imomlarning barchalari mustaqiym hidoyatdadirlar. Ularning mazhablaridan qay biri bir yurtda tarqalgan bo’lsa va uning ulamolari ko’p bo’lsa, ommiy – ijtihod darajasiga yetmagan – kishi uchun o’sha mazhabga ergashmoq vojib bo’ladi. Unga o’z yurtida mazhabi tarqalmagan va ulamolari ko’p bo’lmagan imomning mazhabiga ergashmoqlik joiz emas.  Chunki, bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o’rganish imkoni bo’lmaydi. Buni yaxshi fahm eting. Inshaalloh, haqiyqat bundan boshqada emas. Agar yurtlardan birida barcha mazhablar tarqalgan va mashhur bo’lgan bo’lsa, hamda har mazhabning ulamolari ham yetarli bo’lsa, ommiyga istagan mazhabiga ergashish joiz bo’ladi. Uning uchun barcha mazhablar barobar bo’ladi. U muayyan mazhabni tutmasdan, mazhablarning ulamolaridan, bir safar biridan, ikkinchisida boshqasidan fatvo so’rasa, joiz. Salafi solih roziyallohu anhum shunday qilganlar. Faqat, shart shulki, bir amalda ikki mazhabdan “talfiq” qilmasin, havoyi nafsiga ergashib faqat ruxsatlarning ortidan tushmasin. Chunki bunday qilish dalil va ijmo ila harom qilingandir”. 

(“Talfiq” bir masalada ikki mazhabdan yengil narsani jamlab olishdir. Misol uchun, bir tahoratli odamdan qon chiqqanda, Shofe’iy mazhabi bo’yicha, “tahoratim sinmadi” deb, birozdan so’ng nomahram ayolga qo’li tegsa, Hanafiy mazhabi bo’yicha, “tahoratim ketmadi” deyishi.) “Bir mazhabdan ikkinchi mazhabga o’tish haqidagi tahqiq: “Hanafiylardan “Jome’ul fataviy”ning sohibi aytadi: Hanafiyga Shofe’iy mazhabiga o’tish joizdir. Aksi ham shunday. Ammo o’tish biryo’la bo’lishi shart. Birgina masalada o’tish mumkun emas. Misol uchun, hanafiyning badanidan qon chiqsa va oqsa, tahorati sinadi va uni yuvmasdan turib, tahorat olmaydi, bu masalada shofe’iy mazhabini tutib namoz o’qishi joiz emas. Chunki, tahorat va namozning boshqa hukmlarida Shofe’iy mazhabiga amal qilmagan. Ba’zilar, ommiy odam hanafiy bo’ladimi, shofe’iy bo’ladimi bir mazhabdan boshqasiga o’tishi mumkun emas, deganlar”. “Xulosa qilib aytadigan bo’lsa, bu zamonda bir mazhabga ergashish vojibdir. Ommiy bo’ladimi, faqih bo’ladimi, boshqa mazhabga o’tishi mutlaqo man qilinadi. Ammo mujtahid yoki mujtahid kabi bo’lsa, mayli. Bu asrda mazkur mansabni kim ham da’vo qila olar edi?! Bir vaqtlar Ibn Jarir Tobariy da’vo qilganda, qabul qilmaganlar. Suyutiy da’vo qilganda ham, rad qilganlar”.Ixtiloflarning oldini olish maqsadida fiqhiy mazhablarning Qur’on va Sunnat doirasida qilgan ijtihodlarini qayta qo’zg’ab “qani, ko’raylik-chi, kimning dalili kuchli ekan” qabilida ish tutish ham man qilingan. Hatto ba’zi bir kishilar ilmda yuqori darajalarga erishib, mazhablarning dalillarini solishtirib, kuchlisini kuchsizidan ajratadigan darajaga yetsa ham, o’zi uchun fatvo chiqarib olsa, mayli-yu, ko’pchilikni boshini aylantirib, ixtilof chiqarishga sabab bo’lmasin. Bemazhablarning hozirgi kundagi nomi “Salafiylik”dir. Ya’ni ular: “Biz Salafi solihlarga ergashamiz, mazhab esa Salaflarning davridan keyin paydo bo’lgan” deyishadi va to’rt mujtahid mazhabboshilarga har-xil behayo so’zlar bilan ularni haqorat qiladilar. Mazhabga ergashganlarni esa “Mazhabboshi imomlarga ergashmoqlik kufrdir!.Muayyan bitta mazhabga amal qilish zalolat va shu mazhabning imomini Allohning o’rniga iloh qilib olishlikdir!. deyishib kofirga chiqarganlari ham yo’q emas” Ammo Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflari va ulamolarning bu haqda aytgan gaplari salafiylarning o’zlari naqadar zalolatda va mazhabsizlikning bid’at ekaniga yaqqol dalildir: 

Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim jamoatni bir qarich tark qilsa, batahqiq bo’ynidan Islom bo’yinbog’ini yechgan bo’ladi”, - dedilar”. Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim kattamizni ulug’lamasa, kichigimizga rahim qilmasa va olimimizni ehtirom etmasa, bizdan emasdir”, - dedilar”. Askariy rivoyat qilgan. Imom Buhoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Musulmonni so’kmoqlik fosiqlikdir. U bilan urush qilmoq kufrdir”. Imomi Shofe’iy (r.a) aytadilar: “Insonlar fiqh bobida Abu Haniyfaga boqiman-dadirlar. Kim uning so’zini rad etsa, yer yuzidagi qumlarning sanog’icha unga la’nat bo’lsin ”.Sahl ibn Abdulloh at-Tustariy aytadilar: “Odamlar o’zlarining rahbar va olimlarini hurmat qilishda bardavom bo’lsalar, Alloh ularga farovonlik va tinchlikni ato etib qo’yadi. Aks holda, ular mazkur ne’matlardan mahrum qilinadilar”. 

Nuriddin Xamraqulov, 
Uchqo’rg’on tumani “Sattiboy halfa” jome  
masjidi imom noibi 

Related posts