Таълим тарбия

TOSHGA O'YILGAN NAQSH

TOSHGA O'YILGAN NAQSH

Yoshlik juda ko'p fazilat va yaxshiliklarni hosil qilishda muhim bir davr hisoblanadi. Xususan, eng ulug' fazilatlardan biri ilm olish uchun qulay va munosib vaqt yoshlik chog'dir. Oyat va hadislarda yoshlikda ilm olishga targʼib qilinadi. Manbalarda paygʻambarlarga ilmu-hikmat ayni yoshlik vaqtida berilgani aytiladi. "Jabroil hadisi" nomi bilan mashhur hadisda bu haqida quyidagilar aytilgan. Ushbu hadis uzun bo'lgani sababli mavzuimizga taalluqli qismini keltirish bilan kifoyalanamiz. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qiladi."Bir kuni kiyimi oppoq, sochlari qop qora bir kishi keldi. Unda safar asorati koʻrinmasdi. Bizdan hech birimiz uni tanimadik. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib, tizzasini ul zotning tizzalariga tekizib, ikki kaftini ulzotning sonlariga qo'yib o'tirdi". 

  Hadisga e'tibor bergan boʻlsangiz, unda musofir kishining tashqi koʻrinishi, liboslari va harakatlariga urg'u berilmoqda. Ulamolar hadisni sharhlar ekan, Unda ilmning eng asosiy uch poy devori — poklik, yoshlik va ustoz haqida so'z borayotganini, mazkur qahramonimiz misolida tolibi ilmning siymosi gavdalantirilganini, u musofir bo'lsa-da, kiyimlari oqligi poklikni, sochlari qoraligi yoshlikni Rasulloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib odob ila oʻtirishi va muhim savollarni soʻrashi ustozning ahamiyatini koʻrsatadi, deydilar. 

  Imom Tabaroniy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadi. "Yoshligida ilm olgan kishining misoli toshga oʻyib yozilgan naqshdek, yoshi oʻtganidan keyin ilm olgan kishining misoli suvga yozgandekdir". 

  Nega ilm olish uchun yoshlik davri eng munosib hisoblanadi? chunki bu davrda bola xotirasi o'tkir turli tashvish va yumushlardan holi, fikri zikri faqat o'qish bilan band bo'lganidan ilmni yaxshi o'zlashtiradi. Yoshi ulg'ayib borgach, ishlari ko'payib, fikri tarqoq bo'ladi. Shu sababli koʻpincha ilm olishga vaqt topa olmaydi. Shuning uchun dinimizda ilmni yoshlikda egallashga chaqiriladi. Hikmatlarda: "Yoshligida ilm olmagan kishi ulg'ayganida yuksalmaydi", deyiladi.

  Alloh taolo kelajagimiz tayanchi bo'lgan yoshlarimizga foydali ilmlarni egallashda kuch-quvvat g'ayrat ato qilsin. Yomon illatlardan, xususan, jaholatdan hamisha O'z panohida saqlasin. Yoshlarimiz el-yurt, millat va din uchun foydali inson bo'lib yetsinlar. Muftiy hazratlarining yoshlarga nasihatim kitobi asosida tayyorlandi 

Ibrohimjon Hushnazarov,
 Uchqoʻrgʻon tumani “Muzaffarxon eshon” jome 
masjidi imom-xatibi 

Related posts