Жамият аъзоларига муносабат

TAVAKKUL TIMSOLI

TAVAKKUL TIMSOLI

 

Tavakkul – bu Allohning har bir ishida odamning qo‘lidan keladigan barcha sa’y-harakatlarga qaramay, oxir-oqibatda barcha natijalarning faqat Allohning irodasi va qudratiga bog‘liq ekanligini anglash va shunga ishonishdir. Tavakkul musulmonlarning hayotida muhim o‘rin tutadi, chunki ularning barcha islohotlari, salohiyatlari, dunyo va oxiratdagi muvaffaqiyatlari faqat Allohning rahm-shafqatiga va marhamatiga bog‘liqdir. Shu sababli, tavakkulning eng yuksak namunasi, albatta, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamningning hayotlarida namoyon bo‘lgan.

Payg’ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam tavakkulni nafaqat so‘z bilan, balki amallari orqali ham ko‘rsatganlar. U zotning hayotlari, har bir holatdagi ishonch, sabr, Allohning rejasiga bo‘lgan to‘la e’tiqod, tavakkulning eng oliy shaklini namoyish etadi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning bu mavzuga oid hayotlarida ko‘plab namunalar mavjud. Misol uchun, bir hadisda shunday deyiladi:

Agar siz Allohga haqiqatan ham tavakkul qilsangiz u holda sizni qushlar kabi rizq bilan ta’minlar edi. Ular tongda och holda chiqib kechqurun to’q bo’lib qaytadilar” (Imom Abu Dovud rivoyati)

Bu hadisda payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning tavakkulni va  Allohga bo’lgan  to‘liq ishonchni  qanday go’zal misolini keltirganlarini ko‘ramiz.

Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning hayotlarida tavakkulni sabr bilan birgalikda ko‘rishimiz mumkin. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning sabri va tavakkuli, butun musulmonlar uchun o‘rnak bo‘lib, ularga har qanday qiyinchilik va sinovlar oldida qattiq turishni o‘rgatadi. Masalan, Makkadagi mushriklar tomonidan ko‘rgan azob-uqubatlari, ularni haqorat qilishlari, qiynashlari va hatto jismoniy tahdidlar ham, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamni o‘z vazifalarini bajarishdan qaytarmadi. U zot  har doim tavakkul bilan Allohga tayanib, o‘z vazifalarini bajarishda davom etdilar.

Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning hayotlarida tavakkul nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy mas’uliyatlarni ham o‘z ichiga olgan. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam o‘zlarining barcha amallari orqali tavakkulni hayotga tatbiq etganlar. U zot ko‘plab g’azotlarga boshchilik qildilar, lekin har doim jangdan oldin Allohning yordamiga tavakkul qilib, g’azotda ishtirok etadigan askarlar bilan maslahatlashdilar va tayyorgarlik ko‘rdilar. Ammo oxir-oqibatda urush natijasini faqat Allohning qudrati va irodasiga bog‘liq ekanligini unutmasdilar.

Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning hayotlarida tavakkulning ko‘plab yorqin misollari mavjud bo’lib  ularning ba’zilariga quyidagilarni kiritish mumkin:

1. Badr g’azoti: Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamnining Badr g’azotidagi ishtiroklari, tavakkul va strategiyaning mukammal uyg‘unligini ko‘rsatadi. Jang oldidan Rasululloh sollollohu alayhi vasallam o‘zlarining sahobalarini ruhlantirib, barcha tayyorgarliklarni ko‘rdilar ammo jangning natijasiga faqat Allohning irodasiga tayanib, ishonch bildirdilar. Badr jangida Allohning yordami bilan musulmonlar g‘alaba qozonishdi.

2. Hijratlari: Makkadan Madinaga hijrat qilish, payg‘ambarimizning eng buyuk tavakkul misollaridan biridir. Hijrat davomida, U zot sollollohu alayhi vasallam va Abu Bakr roziyallohu anhuning birgalikda G‘orga yashiringanliklari ham tavakkulni amalda namoyon etadi. Mushriklar ularni ta’qib qilib, g‘orga yaqin kelishganida, Abu Bakr roziyallohu anhu qo‘rqib: "Yo Rasululloh! Agar ular oyoqlariga qarasalar, albatta bizni ko‘rib qoladilar," – dedilar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ey Abu Bakr! Ikki kishining uchinchisi Alloh bo‘lsa, nima deb o‘ylaysan?" – deb, uni taskin qildilar.

Bu voqea Qur’oni Karimning Tavba surasi 40-oyatida shunday marhamat qilingan:

“Agar siz (unga) yordam bermasangiz ham, Alloh unga yordam bergan. Qachonki, kofirlar uni (Makkadan) chiqarganlarida, u ikkinchi bo‘lib (Abu Bakr bilan birga) bo‘lgan, ikkovlari g‘orda bo‘lgan paytda u (Muhammad) do‘stiga: “G‘am chekmagin, albatta Alloh biz bilan birgadir” – degan edi.

Tavakkul, nafaqat tashqi holatlar bilan bog‘liq, balki insonning ichki dunyosini shakllantiradi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning tavakkullari musulmonlarni nafaqat tashqi dunyoda, balki ichki ruhiy holatda ham ishonchli va kuchli bo‘lishga chaqiradi.

Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam tavakkulni, Allohning taqdiriga bo‘lgan hurmat, uning rejasiga bo‘lgan e’tiqod va sabr bilan birgalikda tasavvur qilar edilar. U zot sollollohu alayhi vasallam tavakkulni Allohga ishonish va u orqali hech qanday tashvish yoki qo‘rquvni his qilmaslik deb tushunardilar.

Rasululloh sollollohu alayhi vasallam tavakkulning eng oliy namunalaridan biridirlar. U zotning hayotlari, amallari, sabrlari bizga tavakkulni o‘rganishda eng yaxshi o‘rnakdir. Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning tavakkullari, nafaqat shaxsiy hayotimizni, balki ijtimoiy va ma’naviy hayotimizni ham yuksaltiradi. Tavakkul, insonning Allohga bo‘lgan ishonchini oshiradi, uni qat’iyatli va sabrli qiladi va har qanday sinovlardan o‘ta olishiga yordam beradi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamni Tavakkul timsoli deb atash, u zotning barcha xulq-atvorlari, sabrlari, va Allohga bo‘lgan ishonchlarining eng yuksak darajada ekanligini ta’kidlashdir.

Ne'matxanov Alixon Akmal o'g'li,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom 
instituti 4-kurs talabasi 

Related posts