Жамият аъзоларига муносабат

O’ZGALARGA OZOR BERISH GUNOH.

O’ZGALARGA OZOR BERISH GUNOH.

Alloh taolo marhamat qiladi:«Mo‘min va mo‘minalarga ular biron gunoh qilmasliklaridan turib ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar» (Ahzob surasi, 58).

Ya'ni, iymon ahliga hech bir gunoh-jinoyat qilmasalar-da ozor beradigan kimsalar o‘z ustlariga yolg‘on, bo‘hton va ulkan gunohni yuklab olgan bo‘ladilar.

«Ey iymon keltirganlar, (sizlardan bo‘lgan) bir qavm, boshqa bir (mo‘min) qavmdan masxara qilib kulmasin, ehtimol (o‘sha masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq bo‘lsalar. Yana (sizlardan bo‘lgan) ayollar ham (boshqa mo‘mina) ayollar ustidan masxara qilib (kulmasinlar) - ehtimolki, (o‘sha masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsalar. O‘zlaringizni (ya'ni, bir-birlaringizni) mazax qilmanglar va bir-birlaringizga laqablar qo‘yib olmanglar. Iymondan keyin fosiqlik bilan nomlanish (ya'ni, mo‘min kishining yuqorida man qilingan fosiqona ishlar bilan nom chiqarishi) naqadar yomondir. Kim tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar zolim kimsalardir» (Hujurot surasi, 11).

Ya'ni, kimki masxaralab kulish, mazax qilish va laqab qo‘yishdan tavba qilmas ekan, ana o‘sha kimsalar o‘zlarini azobga giriftor qilganlari sababli haqiqiy zolimlardir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida Alloh nazdida eng yomon darajali kimsa - beodobligi-uyatsizligidan saqlanish maqsadida odamlar tark qilgan yoki odamlar o‘z holiga tashlab qo‘ygan kishidir» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonga musulmonning nomusi, moli va qoni haromdir. Taqvo shudir. Musulmon birodarini haqorat qilishi kishining yomonligiga yetarli dalildir» (Termiziy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni tahqirlamaydi, yordamsiz tashlab qo‘ymaydi». So‘ng: «Taqvo mana bu yerdadir», deya ko‘kslariga uch marta ishora qildilar va: «Musulmon birodarini haqorat qilishi kishining yomonligiga yetarli dalildir», dedilar (Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonni so‘kish fosiqlik, o‘ldirish esa kufrdir» (Muttafaqun alayh).

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Falonchi ayol kechalari namoz o‘qib, kunduzlari ro‘za tutadi. Biroq tili yomon, qo‘shnilariga behayolik bilan ozor beradi», deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda», dedilar (Hokim rivoyati, sahih hadis).

Boshqa bir sahih hadisda: «Mayyitlaringizning yaxshiliklarini zikr qilinglar, yomonliklaridan tilingizni tiyinglar», deyilgan (Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim bir kishini «kofir» yoki «Allohning dushmani» desa va u bunday bo‘lmasa, aytgani o‘ziga qaytib tushadi» (Muttafaqun alayh).

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Meni yuqoriga olib chiqishgach, bir qavm yonidan o‘tdim. Ularning tirnoqlari misdan bo‘lib, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini timdalar edilar. «Ey Jabroil, ular kim?» deb so‘ragan edim, «Ular odamlarning go‘shtlarini yeydigan va nomuslariga tajovuz qiladigan kimsalardir», deya javob berdi» (Abu Dovud rivoyati).

Mo‘minlarning orasiga nifoq solishdan, shuningdek, hayvonlarni urishtirishdan ogohlantirish xususida

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Shayton arab yarim orolida o‘ziga namozxonlar ibodat qilishidan umidini uzdi. Biroq ular orasiga nifoq solishidan umidini uzgani yo‘q» (Muslim rivoyati).

Ikki odam orasiga nizo soladigan va ular o‘rtasida bir-biriga ozor beradigan gaplarni tashiydigan har kimsa shayton guruhidan bo‘lgan chaqimchidir, eng yaramas odamdir. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Sizlarga eng yomon, eng yaramaslaringiz kimlar ekanini xabar qilayinmi?! Ular chaqimchilik qilib yuruvchilar, yor-do‘stlar orasini buzuvchilardir» (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Chaqimchilar jannatga kirmaydi» (Muttafaqun alayh).

Chaqimchi - odamlar orasida, «falonchi sen haqingda undoq dedi, «falonchi bundoq qildi» kabi gaplarni tashuvchi kimsadir. Biron yomonlikdan ogohlantirish uchun yoki boshqa bir foydani ko‘zlab xabar keltirish bundan mustasno.

Jonivorlarni bir-biriga gij-gijlab urushtirish ham haromdir. Xo‘roz, qo‘chqor, it va boshqa barcha jonivorlarni urishtirishdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytarganlar. Kim bu ishni qilsa, Alloh va rasuliga osiy bo‘ladi. Shuningdek, xotinni eriga, qulni xo‘jayinga qarshi qayrash ham harom.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Xotinni eriga va qulni xo‘jayiniga qarshi aldab yo‘ldan urgan kimsa bizdan emas» (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).

Ma'lumot Internet orqali tayyorladi

Nazirjon Qo‘chqarov,
Namangan tumani “Umarboy hoji” jome 
masjidi imom hatibi 

Related posts