Islom – mo‘tadillik dinidir. U hamma narsada, jumladan, ibodatda ham, bandalar uchun mo‘tadil bo‘lmoqlikni xohlaydi. Shuning uchun ham, Alloh taolo islom shariatida inson toqatidan tashqari narsani joriy qilmagan. Ibodatlarni ham me’yorida qilgan. Uzrli kishilarning uzri e’tiborga olingan. Boringi, har bir narsada yengillik bo‘lishi chorasi ko‘rilgan. Yengillik bo‘lsin, ammo ibodat bo‘lsin, davom etsin to‘xtab qolmasin.
Alloh taolo musulmon ummatining sifati haqida Qur’oni Karimning “Baqara” surasida:
“Shuningdek, sizlarni odamlar ustidan guvox bo‘lishingiz va Payg‘ambar sizlarning ustingizdan guvox bo‘lishi uchun o‘rta millat qildik”, degan (143 – oyat).
Alloh taolo ushbu oyati karimada musulmonlarni o‘rta ummat qilganini e’lon qilmoqda. O‘rtani yaxshi deyilayotganini boisi shuki, chetlar chet bo‘lgani uchun ham, har xil ta’sirlarga ko‘p uchraydi va buzilish ehtimoli ko‘pdir. Ammo o‘rta buzilmay, yaxshi holicha qoladi. O‘rtaga adolat ma’nosini berilishining sababi esa, “O‘rta” atroflarga nisbatan bir xil turadi, biror tomonga og‘ib, adolatni buzmaydi. O‘rtaga mo‘tadillik ma’nosini berilishi ham shunga o‘xshaydi. [1]
Yurtimiz ulamolari “o‘rta ummat” ning yana ko‘p va ulkan ma’nolar anglatishini keng va batafsil bayon qilganlar. Islom ummati, xaqiqatan, to‘la ma’noda o‘rta – mo‘tadil ummatdir. O‘rta deganda, yaxshilik va afzallik ma’nosi ham, mo‘tadil va adolatli ma’nosi ham va nihoyat xissiyotda o‘rtalik ma’nosi ham tushunilaveradi.
Islom ummati e’tiqod va tassavurda o‘rta, adolatli va afzal ummat xisoblanadi. Boshqa ba’zi ummatlarga o‘xshab, ruxiy tarafga og‘ib ketmaydi. Yoki yana boshqalarga o‘xshab, faqat moddiy narsalargagina e’timod qilmaydi. Balki, inson tabiatiga qarab, ham ruxiy, ham moddiy jihatga o‘rtacha, adolatli, mo‘tadil va eng afzal munosabatda bo‘ladi.
Islom ummati tafakkur va xis – tuyg‘u bobida ham o‘rta, adolatli va afzal ummatdir. Bilib olgan yoki o‘qib olgan manbasini mahkam tutib, undan boshqa manba, ma’rifat va tajribalarni rad qilib yuboradiganlardan emas. Yoki, aksincha, duch kelganing ortidan ergashib, taqlid qilib ketavermaydi. Balki, mo‘tadillik bilan, o‘z qoidalariga to‘g‘ri kelgan ilmiy izlanish va tajriba orqali, boshqalar erishgan yutuqlarni ham e’tirof etib, ulardan foydalanadi.
Islom ummati tartib – intizomda ham o‘rtacha, adolatli ummatdir. Unda xayot faqat xis – tuyg‘u, vijdon va odob – axloq orqadi tartib intizomga solinmaydi. Balki, insoning ma’naviy tarbiyasini kuchaytirib, odob – axloq, ajdodlar merosi, taqvo, halollik masalalarini ongi, aqli va vijdoniga singdirish bilan birga, xukmni ham ishga soladi. Chunki, hamma ham ruhiy – vijdoniy yo‘l bilan tuzalib qolmaydi.
Islom ummati aloqa va bog‘lanishlarda ham o‘rta, afzal va adolatli ummatdir. Boshqa tuzumlar kabi emas, ya’ni jamiyat shaxsning xuquqlarini paymol qilmaydi. Balki, aloxida shaxslarning xaq – xuquqlari va vazifalari bor, ayni chog‘da, jamiyatning ham xaq – xuquqlari va vazifalari bor.
Islom ummati makon jixatidan ham o‘rta ummat xisoblanadi. Uning qiblasi, boshqacha aytganda diniy markazi yerning kindigiga joylashgan. Sharqu g‘arb, shimolu janubning o‘rtasidadir.
Islom ummati zamon jixatidan ham o‘rta ummat xisoblanadi. Alloh taolo insoniyat unib – o‘sib, bolalik, o‘smirlik va yoshlik davrilarini boshidan o‘tkazganidan so‘ng voyaga yetganda Islom dinini yuborgan. Endi insoniyat qarib, qiyomat qoim bo‘lguncha bu ummat o‘rtalik xolida unga guvox bo‘lib turadi.
Islomda xatto Molu – mulk, pul sarflashda ham mo‘tadil bo‘lish yo‘lga qo‘yilgan Alloh taolo Qur’oni karimning “Furqon” surasida mo‘min musulmonlar haqida:
“Ular infoq qilganlarda isrof ham va xasislik ham qilmaslar. U ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar”, degan (67 – oyat).
Arab tilida “Infoq” – “Nafaqa” iboralari mol – pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizga birovga sadaqa qilish, ehson qilish ma’nosida ishlatilishi odat ustiga kirib qolganligi oyatning noto‘g‘ri tushunishga, hayr – ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerak – u, boshqa vaqtlarda nima qilsa o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.
Musulmon kishi mol – pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lish kerak. Hech qachon molu – dunyoni isrof ham qilmaslik kerak. Hech qachon dunyoni isrof ham qilmaslik kerak va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmaslik kerak. [2]
Mirzabaev Qobiljon
“Hidoya”o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi direktori