Раддия

SALAFIYLARNI ASL YUZINI BILIB OLING!

SALAFIYLARNI ASL YUZINI BILIB OLING!

 Hozirda mazhabsizlikka targ‘ib qiladigan kishilar: “Kelinglar, mazhablarni qo‘yaylik, Qur'on va sunnatga birlashaylik”, deydilar. “Qur'on va hadisga qanday birlashamiz”, deyilsa, “Ijtihod qilamiz”, deyishadi. Voqelikda ham shunday bo‘ldi, ularning ko‘zga ko‘ringan olimlari ijtihod qilib boshladi, natijada bitta yagona ummat paydo bo‘lmadi, aksincha beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi mazhabni keltirib chiqarishdi. Paydo bo‘lganiga endigina 200 yildan ortiqroq vaqt o‘tgan salafiylik hozirning o‘zida 4 ta katta mazhabga bo‘lingan:

As-salafiyatul-ilmiya (1920 y.da tashkil etilgan)

As-salafiyatul-jihodiya (1979 y.)

As-salafiyatus-sururiya (1984 y.)

As-salafiyatul-jomiya (1990 y.)

Endi bu salafiylarning ustidan ming yillar o‘tsa, qancha mazhab va firqalarga bo‘linib ketarkin?! Buning ustiga mazhabga ergashuvchi musulmonlarga turli “tamg‘alar”ni yopishtiradiganlar mana shunday bo‘linishlardan keyin “tamg‘a”ni o‘zlariga yopishtirishlari ayni adolat va mardlik bo‘ladi. Shu o‘rinda kichik ma'lumot, Saudiyalik doktor Sa'd ibn Abdulloh Barik “Al-iyjaz fi ba'zi maxtalafa fiyhil Alboniy va Ibn Usaymin va Ibn Boz” (ya'ni, “Alboniy, Ibn Usaymin va Ibn Boz ixtilof qilgan ba'zi masalalar haqida mo‘jaz (qisqa) kitob”) nomli ikki jildli kitob yozgan. Unda mavzudan ma'lum bo‘lgani kabi salafiylarning keyingi yillarda eng mashhur namoyandalari o‘rtalaridagi ixtiloflarning bir qismi keltirilgan. Eng qizig‘i kitobda ular o‘rtasidagi aqidaviy masalalardagi ixtiloflar ham keltirilgan va ular anchagina (ajabki, aqidada bir nuqtaga kela olmayotgan salafiylar boshqalarni qanday birlashtirar ekan?!). Demak, ularning har birining mazhabi bor. Endi salafiylar ularning qaysi biriga ergashadi va ulardan birini tanlaganlar boshqalari haqida qanday hukm beradi?! Yana bir haqli savol, oxir oqibat Ahli sunna val jamoa musulmonlari ham, salafiylar ham (o‘z) mazhablariga ergashar ekan, qaysi jamoaning mazhabboshilari ijtihod maqomiga loyiq?! Tobe'inlar va taba tobe'inlar bilan bir zamonda yashab, ularning ilmini o‘zlashtirgan Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe'iy va Imom Ahmadlarmi (rahmatullohi alayhim) yoki bizga zamondosh bo‘lgan Alboniy, Ibn Usaymin va Ibn Bozlarmi (hozirgi kunda bu salafiy olimlarning har birining mazhabi shakllangan)?! Insof bilan aytganda qaysi jamoa haqqa yaqinroq?! Salafiylarning puch da'volariga mahliyo bo‘lgan musulmon birodarlarimizni mana shu masalada oqilona fikr yuritishga chaqiramiz. Chunki Ahli sunna val jamoa mujtahidlarining mazhablarini 14 asrdan beri butun islom ummati bir ovozdan haq, deb qabul qilganlar. Keyingi sanalgan olimlarning mazhablari boshlangandan hozirgacha aksar olimlarning e'tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda.

Ularning mazhabini o‘zlari va hissiyotga berilgan yuzaki ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar qabul qilishdi xolos. Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz alayhissalom bashorat qilgan savodul a'zam (ko‘pchilikni tashkil qilgan haq jamoa) bilan turgan ma'qulmi yoki jamoatga xilof qilgan ixtilofchilar bilanmi?!

SALAFIYLAR HAQIDAGI MASHXUR OLIMLARDAN:

Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh o‘zlarining “Salafiylik islomiy mazhab emas, balki u muborak davr bosqichidir” nomli asarlarida shunday deydilar: “Islom dinining o‘tgan o‘n to‘rt asrlik tarixi davomida biror mo‘tabar imom yoki ulamodan eshitmaganmizki, musulmonlarning hidoyatda bo‘lishlarining hujjati “salafiylar” deb nomlagan guruhga mansub bo‘lish hisoblansa. Balki, “salafiylik” degan guruhga mansub bo‘lishning o‘zi ayni bid'atdir (ya'ni, chunki ular yaqinda paydo bo‘lgan “yangilik”dir)” (231-232-betlar).

 

Nuriddin Xamraqulov,
Uchqorg'on tuman "Sattiboy halfa" jome 
masjidi imom noibi 

Related posts