Раддия

FOTIHADAN KEYIN “OMIN” AYTISHNING HUKMI

FOTIHADAN KEYIN “OMIN” AYTISHNING HUKMI

 Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdilarida namozda Fotiha surasidan keyin “omin” aytish sunnat hisoblanadi. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam :

إذا قالَ الإمامُ: غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا الضَّالِّينَ, فَقُولوا آمِينَ، فإ نّه فمَن وافَقَ تأمينه تأمين المَلائِكَةِ غُفِرَ له ما تَقَدَّمَ مِن ذَنْبِهِ" (رواه البخاري)

“ Qachon imom :” G`oyril mag`duubi alayhim va laddoolliyn”, desa: Aamiyn”, denglar. Chunki kimning so`zi farishtalar so`zi bilan muvofiq kelib qolsa, uning o`tgan gunohlari mag`firat qilinadi”, dedilar”. ( Imom Buxoriy rivoyati).

 Hanafiy va molikiy mazhabida namozxon “omin”ni ovoz chiqarmay, o`zi eshitadigan darajada aytadi. Buning hukmi barcha fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan. 

إذا فرغ الإمام من الفاتحة قال آمين و السنة فيه الإخفاء كذا في المحيط المنفرد والإمام سواء و كذا المأموم إذا سمع

“Namoz o`quvchi “Fotiha” surasini qiiroat qilishdan forig` bo`lsa, “omin” deydi. “Omin” deyishdagi sunnat maxfiy qilmoqlikdur. “Muhit” kitobida shunday bayon qilingan. Ominni yolg`iz o`quvchi ham, imom ham, muqtadiy (Fotiha surasini) eshitadigan bo`lsa, muqtadiy ham aytadi” (“Olamgiriya” kitobi).

 “Omin”ni maxfiy aytish sunnat ekanligiga sahobai kironlarning so`zlari va amallari ham dalil bo`ladi.

Abu Voil roziyallohudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar:

كان علي و إبن مسعود لا يجهران ببسم الله الرحمن الرحيم, ولا بالتعوذ, ولا بآمين. ( رواه الإمام الطبراني عن أبي وائل رضي الله عنه)

  Ya`ni: “Ali va Ibn Mas`ud roziyallohu anhumolar “(Namoz ichida) Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a`uzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar”           (Imom Tabaroniy rivoyatlari)

 Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas`ud roziyallogu anhumo kabi nihoyatda ilmli sahobiylarning “omin”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi.

 “Omin” lafzi duodir. Uning ma`nosi “ijobat qil”, ya`ni “duoni qabul qil”, demakdir. Qanday duo qilishimizni bizlarda Alloh taolo Qur`oni karimda ta`limini berib shunday marhamat qiladi:

اُدعوا ربكم تضرعا و خفية إنه لا يحب المعتدين

  Ya`ni: “Robbingizga zorlanib va hufyona (ovozsiz) duo qiling! Zero, u (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A`rof surasi, 55-oyat).

Hadisi sharifda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deganlar:

دعوة السر تعدل سبعين دعوة في العلانية   ( رواه الإمام أبو الشيخ عن أنس رضيل الله عنه)

Ya`ni:” Ichida qilingan duo tashida qilingan duoning yetmishtasiga teng keladi” ( Imom Abu Shayx rivoyati).

 Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari o`z ota-bobolari tanlagan imom A`zam rohimahullohi alayhning mazhablariga muvofiq ibodat qilishlari o`ta muhim va juda zarurdir!

Alisher Sharipov,
 Namangan shahridagi “Mavloni Aliyul qori” 
jome` masjidi imom-xatibi.

Related posts