Жамият аъзоларига муносабат

Isroiliyot xabarlarga ishonsa bo’ladimi?

Isroiliyot xabarlarga ishonsa bo’ladimi?

Deyarli barchamiz  “bu xabar isroiliyotlardan, isroiliyotda kelishicha” degan jumlalarni ma’ruzalarda eshitganmiz yoki kitoblarda o’qiganmiz. Ho’sh “isroiliyot” o’zi nima va qanchalik ishonchlik?

Isroiliyot deganda ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar)dan bizga yetib kelgan xabarlar tushuniladi. Bu xabarlarda asosan oldin o’tgan xalqlarning qissalari, oldingi payg’ambarlar va ularning ummatlari o’rtasida sodir bo’lgan voqealar haqida gap ketadi. Ba’zilar isroiliyot faqat yahudiylardan kelgan xabarlardan iborat deb o’ylashadi. Aslida esa isroiliyot deganda nasroniylardan ham qilingan rivoyatlar nazarda tutiladi. Ba’zi ulamolarning fikriga ko’ra bu xabarlarga isroiliyot deb nom berilishining sababi Muso va Iso alayhimassalomlar banu isroilga payg’ambar qilib yuborilganliklari va nasroniylarning asli ham banu isroil ekanligi bo’lishi mumkin. Ba’zi ulamolarning fikriga ko’ra esa yahudiylardan kelgan xabarlar ko’proq bo’lgani uchun ag’labiyat yo’liga ko’ra isroiliyot deb nomlangan.

Yahudiylar xabarlarni rivoyat qilishda Tavrot (eski ahd)ga tayanishadi. Bundan tashqari Tavrotga tegishli bo’lgan sharhlar, nasihatlar va sunnatlar ham bor. Yahudiylar bularni Muso alayhissalomdan og’izma-og’iz eshitib naql qilishgan, yozib olishmagan. Ma’lumki ularni orasida ko’pgina ziyoda va to’qimalari ham bor. Keyinchalik bu xabarlar kitob shakliga keltirilgan va bu kitob “Talmud” nomi bilan mashhur. Va yana ularda odob, qissalar, tarix va tashri’ega tegishli kitoblar ham mavjud.

Nasroniylar esa, o’zlarining rivoyatlarida Injilga suyanishadi. Ularda bir nechta Injillar bor. Bundan tashqari “Payg’ambarlari maktubalari” deb nomlanadigan risolalar ham bor. Bular hammasini bir qilib “Yangi ahd”, deb nomlanadi.

Agar Tavrot va Injilga nazar solib chiqadigan bo’lsak, bu ikki kitob Qur’oni karimda kelgan ko’plab xabarlarni o’z ichiga olganini ko’ramiz. Bo’lib ham payg’ambarlarning qissalari ko’p uchraydi. Lekin, ko’pincha Qur’onda  qissaning bir jihati, Injil va Tavrotda boshqa jihati kelgan bo’ladi.

Aynan shu narsa musulmonlarga isroiliyot rivoyatlari kirib kelishiga sabab bo’lgan. Ba’zi sahobalar Ka’b al-Ahbar va Abdulloh ibn Salom kabi musulmon bo’lgan ahli kitoblardan qissalarning tafsilini va ba’zi ishlarning bayonini so’rashardi. Albatta, bu joiz ish edi. Chunki, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Banu isroil haqida gapiravering, haraj (gunoh) yo’q”, degan edilar. (Muttafaqun alayh)   

Lekin sahobalar (barchalaridan Alloh rozi bo’lsin) ahli kitoblardan hamma narsa haqida so’rayverishmagan va hamma eshitganlarini ham tasdiqlayverishmagan. Faqat biror Qur’onda kelgan qissaning bayonini yoki batafsil keltirilmagan biror ma’lumotning tafsilini so’rashgan. Sahobalar ahli kitoblar aytib bergan xabarlarni rostga ham, yolg’onga ham chiqarishmagan. Ularning bu ishlari Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning quyidagi so’zlaridan kelib chiqib bajarilgan: Rasululloh salollalohu alayhi vasallam: “Ahli kitoblarning so’zlarini tasdiqlamanglar ham, yolg’onga ham chiqarmang. Balki, “Allohga, bizlarga va sizlarga nozil qilingan kitoblarga iymon keltirdik. Sizlarning va bizlarning ilohimiz bir va biz unga iymon ketirdik”, deb aytinglar”, deya marhamat qilganlar. (Imom Buxoriy rivoyati)

Bundan kelib chiqadiki sahobalar ahli kitoblardan aqida va hukumlarga tegishli masalalarni so’rashmagan. Ahli kitoblardan bo’lgan xabarlar islom shariatiga va aqidasiga zid kelsa, bunday xabarlarni rad qilishgan.

Tobeinlar davriga kelib tafsirlarda isroiliyot xabarlari ko’paya boshladi. Buning sababi ahli kitoblardan ko’plar islomni qabul qilshi va musulmonlarning Qur’oni karimda kelgan banu isroil qissalarini batafsil o’rganishga intilishlari bo’lishi mumkin.

Bulardan keyingi davrlarda isroiliyotlarni qabul qilishda e’tiborsizlik ko’payib ketti. Hatto biror bir qavlni rad qilishmaydigan darajaga yetib keldi. Ularning orasida aqidaga ham va shariatga ham to’g’ri kelmaydiganlari  bor edi. Bu holat tafsir kitoblari yozilguncha davom etdi. Ko’pchilik mufassirlar bunday rivoyatlarni o’z kitoblariga kiritishmadi. Ular bu ishni insonlarni fikridagi isroiliyotlarning hammasi ham maqbul degan fikrni o’zgartirish uchun qilishdi. 

Lekin ayrim tafsir kitoblariga isroiliyot rivoyatlari kiritildi. Aytish joizki, bu ish tafsir ilmiga o’zining yomon ta’sirini o’tkazdi. Tafsir kitoblariga sahobalar tomonidan aytilgan bayonlar o’rniga aql ko’tarmaydigan hayoliy, to’qib chiqarilgan qissalar kirib keldi. Shu kabi tafsirlardan deb “Tafsiri Sa’labiy”, “Tafsiri Kalbiy”, “Tafsiri Suddiy” va yana boshqa tafsir kitoblarini sanash mumkin. 

Xulosa qilib aytganda, isroiliyot xabarlarini uch qismga bo’lsak bo’ladi. 

  • Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan sahih isnod bilan yetib kelgan banu isroil haqidagi xabarlar. Bunday xabarlarning sahih ekanligida shubha yo’q. Bu qismga Muso alayhissalomning sohibi “Xazir” bo’lgani to’g’risidagi rivoyatni misol qilishimiz mumkin. Ushbu rivoyatni Imom Buxoriy o’zining sahihida keltirgan. Bundan tashqari  shariatimizda uni qo’llab quvvatlovchisi bo’lgan rivoyatlarni ham ushbu qismga kirgizishimiz mumkin.

  • Ikkinchi qisimga Qur’oni karim va sunnati sharifdan bilgan narsalarimizga zid keluvchi yolg’on va to’qima xabarlar kiradi.

  • Uchinchi qisimga esa, yolg’onligi ham rostligi ham ma’lum bo’lmagan xabarlar kiradi. Bunday xabarlarni yuqorida takidlanganidek rivoyat qilish joiz. Lekin ularni tasdiqlamaymiz ham yo’lg’onga ham chiqarmaymiz. E’tibor bersak, bunday xabarlarning aksariyat qismi foidasi bo’lmagan rivoyatlar ekanini ko’rishimiz mumkin. Manashu qismga tegishli xabarlarni rivoyat qilishda ulamolar ixtilof qilishgan.

Demak, hali diniy bilimga ega bo’lmagan, Qur’oni karim va hadis shariflarni to’liq o’rganmagan kishilar bunday rivoyatlardan chetlanganlari ma’qul. Alloh taolo barchalarimizga o’zining shariatini to’g’ri tushunish baxtini muyassar etsin. 

Abdulhay Habibullayev,
Toshkent Islom Instituti birinchi kurs magistranti

Related posts