Ақидадан адашмайлик

SOG’LOM AQIDA ISLOM DININING ASOSI

SOG’LOM AQIDA ISLOM DININING ASOSI

Dunyoda baxtli hayot kechirish va oxiratda jannatga erishish har bir musulmonning asosiy maqsadi hisoblanadi. Ushbu ulug’ maqsad esa Yaratuvchini tanish va Uning buyruqlarini ado etish bilan hosil bo’ladi. 

Alloh Taoloni tanishning asosi ham, U zotga ibodat qilishning asl mohiyati ham aqoid ilmida bayon qilinishi bois, bu ilm bilimlarning oliysi va dinning asli hisoblanadi. Ushbu asl ilmni o’rganish va unda bayon qilinganlarga e’tiqod qilish qilish  xayr-baraka bo’lsa, undan uzoq bo’lish yo o’z-o’zini qiynab behuda chiranishga, yo noto’g’ri e’tiqod qilib dunyo-yu oxiratini boy berishga olib keladi. Shuning uchun, avvalo, dinning asli hisoblangan aqoid ilmini o’rganish muhim hisoblanadi.   

 Har bir aqli raso musulmon uchun dastlab sog’lom aqidani o’rganishi farz bo’ladi. Shuningdek, Islomni qabul qilgan kishiga ham amaliy hukmlarni o’rgatishdan oldin sog’lom aqida hukmlari o’rgatiladi.

 Bunga ulamolar Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadisi sharifni dalil qilganlar:  Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida bunday deganlar:

“Siz ahli kitob bo’lgan qavmga boryapsiz, ularni avval chaqiradigan narsangiz Alloh azza va jallaga ibodat qilish bo’lsin. Qachon Allohni tanisalar, Alloh ularga bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz farz qilganini xabar bering”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida musulmon kishi eng avvalo Allohni tanishi, ya’ni to’g’ri aqidani o’rganishi lozimligini xabar berganlar.

Sog’lom aqida Islom dinining asosi bo’lgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg’ambar etib yuborilganlaridan so’ng deyarli o’n uch yil davomida u zotga, asosan, aqidaga taaluqli hukmlar vahiy qilingan.

Ulamolar “Sog’lom aqidani qisqacha qilib Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, payg’ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekanligiga va o’lgandan keyin qayta tirilishga iymon keltirishdir”, deb tushunish mumkin deganlar. 

Aslida biron narsaga e’tiqod qilish uchun uni hech qanday shubha qoldirmaydigan darajada yaxshi bilish kerak. Buning uchun avvalo o’sha narsani idrok qilish kerak. Keyin esa o’sh hissiy idrok ilmiy ma’rifatga aylanishi lozim. So’ngra zamon o’tishi, boshqa dalillarning sobit bo’lishi ila o’sha ilmimiz tasdiqlanadi va unga bo’lgan ishonchimiz kuchli bo’ladi. Mazkur ilmga bo’lgan ishonch ongimizda mustahkam ravishda qaror topgandan so’ng, u bizning aqlimizga va qiladigan ishlarimizga o’z ta’sirini o’tkazadigan bo’ladi.

Imom Gʻazzoliy o‘zlarining mashhur “Ihyou Ulumid din” nomli kitoblarida: “Aqoid tavhid idrok etiladigan, Alloh Subhanahu va Taoloning zoti va sifatlari bilinadigan ilmdir”, deganlar.

Ta’riflarning eng jamlovchisi, eng osoni, eng shomili va eng qisqasi alloma Ali Qorining “Al-Fiqhul Akbar”ga qilingan sharhining takmilasida, 146-sahifada zikr qilingan ta’rifidir: “U bir ilmki, unda e’tiqod qilish lozim bo‘lgan narsalar haqida bahs qilinadi”. Biz esa ushbu ta’riflar bir-birini to‘ldirib keladi va yana ba’zi kamchiliklar qoladi, deymiz.

Bu ilmning maqsadi – dinga bo‘lgan ishonchni, diniy aqiydalarni qat’iy dalillar bilan isbotlash va ular to‘g‘risidagi shubhalarni rad qilishdir.

Abrorxo’ja Rashidov,
 Chortoq tumani “Abu Bakr Siddiq” jome 
masjid imom-xatibi