Жамият аъзоларига муносабат

RAJAB OYIDA O‘QILADIGAN DUO, ISRO VA ME'ROJ VOQEASI

RAJAB OYIDA O‘QILADIGAN DUO, ISRO VA ME'ROJ VOQEASI

Rajab oyi Alloh taolo Qur’on Karimda xabar bergan to‘rt harom oyning bittasidir. Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: “Rajab oyining fazilatiga, unda tutilgan ro‘zaning fazilatiga, bu oyning muayyan kechasida qoim bo‘lib, falon rakat namoz o‘qishning fazilatiga dalolat qiluvchi birorta sahih hadis vorid bo‘lmagan”.

  Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam rajab oyi kirgan vaqtda quyidagi duoni o‘qir edilar:

اللهم بارك لنا في رجب ، وشعبان ، وبلغنا رمضان

“Alloohumma baarik lanaa fi rajabin va sha’baana va ballig‘naa romadzoona”.

Ma’nosi: “Allohim, bizga rajab va sha’bon oylarini barakali qil va bizni ramazonga yetkazgin”.

 

ISRO VA ME’ROJ KECHASI

Rajab oyining 26-kunidan 27-kuniga o‘tar kechasi Nabiy sollallohu alayhi va sallam ikki bora safar qilganlar: birinchisi – yer safari, ikkinchisi – samo safari. “Isro” tunda yo‘l olmoq ma’nosini bildiradi. Muhammad sollallohu alayhi va sallamning tunda Makkadan Quddusdagi Masjidul Aqsoga kelish hodisasiga “Isro” deyiladi. Qur’oni Karimning “Isro” surasi 1-oyatida bunday xabar berilgan:

سُبۡحَٰنَ ٱلَّذِيٓ أَسۡرَىٰ بِعَبۡدِهِۦ لَيۡلٗا مِّنَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِ إِلَى ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡأَقۡصَا ٱلَّذِي بَٰرَكۡنَا حَوۡلَهُۥ لِنُرِيَهُۥ مِنۡ ءَايَٰتِنَآۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ (١)

“Subhaanallaziy asroo bi’abdihi laylam minal masjidil haroomi ilal masjidil aqsollaziy baarokna havlahu linuriyahu min aayatinaa innahu huva sami’ul basiyr”.

Ma’nosi: “O‘z bandasini tunda Masjidul Haromdan olib, oyatlarimizni ko‘rsmatmoq uchun atrofini muborak qilganimiz Masjidul Aqsoga keltirgan Alloh naqadar pok Zotdir. Har narsani haqqi bilan eshituvchi va ko‘ruvchi Udir”.

  “Me’roj” – “yuksakka chiqmoq”, “yuksalmoq” degani. Me’roj Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ilohiy inoyatga erishishidir. Bu kechada Alloh taolo Muhammmad sollallohu alayhi va sallamning ummatiga besh vaqt namozni farz qilgan va ko‘pgina xushxabarlar bergan. Mazkur kechada Nabiyimiz sollallohu alayhi va sallam Allox subhanahu va taolo bilan suhbatlashgan.

  Shubhasiz Isro va Me’roj Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallamga ko‘rsatgan buyuk mo‘’jizasidir.

 

Biloliddin Abdullayev,
 Namangan shahri Yangi Namangan tumani 
“'Imom Buxoriy”' jome masjidi imom-xatibi