Inson hayoti davomida har qanday holatda ham oila, mahalla va jamiyat ichida bo’ladi. Tabiiyki, hayoti davomida uning atrofdagilarga nisbatan huquq va burchlari paydo bo’ladi. Mana shunday huquqlardan biri qo’shnichilik haqqi bo’lib, bu borada dinimizda alohida e’tibor berilgan.
Alloh subhanahu va taolo Qur’oni karimda O’ziga ibodat qilish va Unga hech narsani sherik qilmaslikka buyurganidan keyin, bir qancha toifalarga yaxshilik qilishga buyuradi. O’sha kishilar ichida qo’shnilar ham zikr qilingan. Niso surasi 36-oyatida: “…Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yaqin qo’shnilarga, yon qo’shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko’chada qolganlarga va qo’lingizda mulk bo’lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh o’zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko’rmas” deyiladi.
Alloh taoloning qo’shnilarga yaxshi munosabatda bo’lish haqidagi buyrug’ini bandalari ustidagi O’zining eng buyuk haqqi bo’lmish tavhid – “yakka Allohning O’zigagina ibodat qilish” haqidagi buyrug’i bilan birga jamlashi, qo’shni haqining qanchalik ulug’ va naqadar katta ahamiyatga ega ekaniga dalolat qiladi. Tafsirchi ulamolarimiz oyati karimada zikr qilingan «yaqin qo’shni»ni qarindosh qo’shni, yani, yaqinligi bor qo’shni, deb; «yon qo’shni» esa, oddiy, yaqinligi yo’q qo’shni, deb tushuntirganlar.
Abu Shurayh al-Xuzoiydan rivoyat qilinadi, Payg’ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo’lsa, qo’shnisiga yaxshilik qilsin!” (Imom Muslim rivoyatlari).
Imom Termiziy Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa Payg’ambarimiz alayhissalom: «Allohning huzurida do’stlarning yaxshisi o’z do’stiga yaxshilik qilganidir. Allohning huzurida qo’shnilarning yaxshisi o’z qo’shnisiga yaxshilik qilganidir», deganlar.
Qo’shniga yaxshilik qilish Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan kishining sifati, belgisi, alomati ekan. Kim Allohga iymon keltirgan bo’lsa, qiyomat kunidan umidvor bo’lsa, qo’shnisiga yaxshilik qilishi lozim ekan.
Qo’shniga yaxshilik qilish uni ko’rganda salom berish va holini so’rashdan boshlanadi.
Qo’shniga yaxshilik qilish uning hojati tushgan ishlarida yordam berish va undan yomonliklarni daf qilish bilan bo’ladi.
Shuningdek, o’zaro hadya va taom ulashish ham qo’shniga yaxshilik qilishdandir. Abu Zarr raziyallohu anhu aytadilar: “Suyukli Payg’ambarim menga buyurganlar:
“Sho’rva qaynatsangiz, suvini ko’paytiring, so’ngra qo’shnilaringiz ahliga qarab, yaxshilik-saxovat bilan undan suzib bering” (Imom Muslim rivoyatlari)
Albatta o’ziga to’q qo’shnilar hech qachon qiynalgan qo’shnilarni e’tiborsiz tashlab qo’ymasligi kerak. Qo’shnilar zaruriy taom va kiyim kechak kabi narsalarga muhtoj bo’lib qolishsa, albatta, ularga yordam qo’lini cho’zish zarur. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Yon qo’shnisi och ekanini bilib turib, to’q holida tunni o’tkazgan kishi menga imon keltirmabdi” dedilar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo’shnichilik haqlarini tushuntirib, “Biling, qo’shnichilik haqlaridan yana biri, behudaga devordan uning uyiga qaramang, mabodo ko’zingiz tushib qolsa, aybli bir ish bo’lsa uni yoping. Sizni eshitishingiz kerak bo’lmagan narsalarga quloq tutmang. Qo’shningiz mahramlariga nazar solmang. Mana shu musulmonchilik qoidalaridandir” deganlar.
Qo’shniga faqat va faqat yaxshilik qilinadi. Unga zinhor ozor berilmaydi. Imom Buxoriy (r.a)«Adabul-mufrad»da quyidagi hadisni rivoyat qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey Allohning Rasuli! Falon ayol kechasi bilan namozda qoim bo’ladi. Kunduzi nafl ro’zalarni tutadi. Yana boshqa falon-falon yaxshiliklarni qiladi, sadaqa beradi, lekin tili bilan qo’shnilarga ozor etkazadi», deyildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«U ayolda yaxshilik yo’q, u do’zax ahlidandir», dedilar. (Boyagi kishilar):
«Falonchi ayol bo’lsa farz namozlarini o’qiydi, bir bo’lakkina qurut sadaqa qiladi, ammo biror kishiga ozor bermaydi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ana shu ayol ahli jannatlardandir», dedilar».
Bu hadisi sharifda qo’ni-qo’shnilarga ozor bermaslik, ularni behurmat qilmaslik naqadar zarur ish ekani ta’kidlanmoqda. Qo’ni-qo’shnilarga yomon munosabatda bo’lish, ularga ozor berish o’qilgan nafl namozlar, tutilgan nafl ro’zalarni ham yuvib ketib, ularni foydasiz holga keltirib qo’yadi.
Darhaqiqat, qo’shnichilik haqi qo’shniga faqat aziyat bermaslik emas, balki gohida undan etadigan ozor, yomonliklarni ko’tarish, ularga sabr qilish va kechirimli bo’lish, muloyimlik va yaxshilikni birinchi bo’lib boshlashlik hamdir.
Hasan Basriy: “Husnul jivor” ya’ni yaxshi qo’shnichilik deb faqat qo’shniga zarar etkazmaslikkina emas, balki mabodo qo’shnilardan zarar yoki ozor etsa, unga toqat qilib, janjal ko’taravermaslikni ayturlar” degan ekanlar.
Qo’shnilar o’rtasidagi mojarolar odatda, ko’proq yosh bolalari o’rtalarida sodir bo’lib turadi. Shunday paytda, bolalarning o’rtasiga tushib ota-onalar aybni bir-birlariga ag’daravermasdan, har birlari o’z farzandlariga tanbeh berib, odobga chaqirib borsalar, ayni savob ish qilgan bo’ladilar.
So’zimiz oxirida quyidagi hadislarni keltirib o’tsak, Bir kishi: “Yo Rasululloh, yaxshilik yo yomonlik qilganimni qanday bilaman?” deb so’radi. Unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar qo’shnilaringiz “yaxshi qildingiz” desa, yaxshilik qilgan (ya’ni yaxshi odam ekansiz), “yomon qildingiz” desa, yomonlik qilgan (ya’ni yomon odam), bo’lasiz”, dedilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Agar kishini o’z qo’shnisi yaqinlari va hamrohi maqtasa, uning yaxshiligi haqida shubha qilmang” degan ekanlar.
Albatta kishiga qo’shnilari bergan baho eng to’g’ri bahodir. Shunday ekan, Alloh taolo barchamizni qo’shnilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan qilib, dunyo va oxiratda qo’shnilarimizning maqtovlariga sozovor qilsin!"
Adhamjon Turgʻunov,
Uychi tumani “Obid qori” jome
masjidi imom noibi.