Раддия

ISLOMDA SHAFOAT MASALASI

ISLOMDA SHAFOAT MASALASI

Shafoat - Alloh taologa iltijo qilib, ba’zi osiy mo’minlarni avf qilishini so’rashdir. Yoki ba’zi mo’minlarni ikrom qilib, jannatga hisob-kitobsiz kiritishini so’rashdir. Bu sharaf ba’zi bandalarga ularni taqvosi, ibodati va ahli solihligi tufayli Alloh taolo tomonidan beriladi. 

Shafoat lug‘atda “yonini olish, qo‘llab-quvvatlash, homiylik qilish” ma’nolarini anglatadi. Shar’iy istilohda esa  gunohkor mo‘minlarning gunohlaridan o‘tis h ni Allohdan so‘rash ga aytiladi. Payg‘ambarlar qiyomat kuni Allohning izni bilan ma’lum osiy mo‘minlarning gunohlaridan o‘tishini Alloh  T aolodan so‘raydilar. Alloh Taolo O‘zining fazli va marhamati ila ularning tilagini bajo etadi va osiylarning gunohidan o‘tadi. Shu payg‘ambarlarning shafoati demakdir. 

Aqoid ulamolaridan bo’lgan Sirojiddin Ushiy rohmatullohi alayh o’zlarining “Badul amoliy” nomli mo’tabar aqoid kitoblarida shafoat haqida quydagilarni keltiradilar: Shafoatga lug’aviy jihatdan ikki xil ma’no berilgan. Ba’zilar shafoatni  “juft qilmoq” ma’nosida deyishsa, ba’zilar esa  “himoya qilmoq”, “tarafini olmoq” kabi ma’nolarni bildiradi deyishgan. Shunga ko’ra, shafoatga ikki xil ta’rif berilgan.

“Shafoat” lug’at jihatidan “juftlamoq”, ya’ni, “toqni juft qilmoq” ma’nosini anglatadi. Ikki rakat namoz ham shu ma’noda “shaf” deyiladi. Istiloh jihatidan esa, yaxshilikni jalb qilish yoki zararni daf etishda o’rtada turishni shafoat deyiladi. 

“Shafoat” lug’atda “vasila”, “so’rov” kabi ma’nolarni anglatadi. Urfda esa boshqadan boshqa birov uchun yaxshilik qilishni so’rash shafoat deyiladi. Yana shafoatda “juft qilmoq” ma’nosi ham bo’lib, go’yo shafoat qiluvchi o’zining so’rovini shafoat qilinganning so’roviga qo’shgan, ya’ni ikki so’rovni juftlashtirgan bo’ladi.

Endi shafoat haqida hanafiy mazhabida yozilgan mo’tabar kitoblarda shafoat haqida bunday deyilgan  Ahli sunna raisi imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘zining mashhur “Al-fiqh al-akbar” nomli matn risolasida masalani shunday bayon qiladi:

Payg‘ambarlarning (ularga Allohning salovat va salomi bo‘lsin) shafoati haqdir!

Yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek shafoat qilishlik yaxshilik ahliga va Alloh o’zi yaxshi ko’rgan va amali solih qilgan insonlarga beradi. Shuning uchun Hanafiy mazhabining asoschisi imom Abu Hanifa rohmatulohi alayh hanafiy mazhabining eng mo’tabar kitoblari bo’lgan “Al-fiqh Al-akbar” kitobl a rida ushbu dalilni keltirdilar.

Chunki Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayh keltirgan bu jumla hanafiy mazhabining kuchli dalild i r.  Chunki Payg’ambarlar (ularga Allohning salavot va salomi bo’lsin) Allohning tanlab olgan, solih, yaxshi ko’rgan va muqarrab bandalaridir.

Imom Tahoviy o’zlarining kitoblarida shafoat haqida quydagi jumlalarni keltirganlar:   “Payg’ambarimizning sollallohu alayhi vasallamning gunohkor ummatlariga shafoat qilib, mag’firat so’rashlari ham haqdur”.

Ushiy rohmatullohi alayh “Badul amoliy” deb nomlangan mashhur aqida kitoblarida shafoatga shunday ta’rif berganlar: “Solih bandalarning shafoati tog’lardek gunohi kabiralarni qilganlarga ham umid qilingandir”

Bu matnning she’riy vaznini Ushiy rohmatullohi alayhi quydagicha keltiradilar:

Solihlar shafoatidan, albat, umid bor

Umidvorlar bo’lsa ham tog’dek gunohkor

Bu yerdagi “Tog’dek” ya’ni tog’lar deganda yerdan baland ko’tarilgan va uzun cho’zilib ketgan bahaybat do’ngliklar tushuniladi. Aynan bu kalimani ishlatishdan maqsad musulmon kishi har qancha  bahaybat gunohlarni sodir etgan bo’lsa ham, shafoatdan umid uzmasligini bildirib qo’yishdir. Demak bu matnlardan bilishimiz mumkinki shafoat kuchli dalillar bilan sobit bo’lgan. 

Shafoatning haq va sobitligiga ahli sunna ulamolari bir ovozdan ijmo’ qilganla r.

Abrorxo’ja Rshidov , 
  CHortoq tumani “Abu Bakr Siddiq” jome  
masjidi imom-xatibi