Жаҳолатга қарши маърифат

FIQHIY MAZHABLAR – BIRLIK RAMZI

FIQHIY MAZHABLAR – BIRLIK RAMZI

  “Mazhab” so`zi arabcha so`z bo`lib, “yo`l”, “yo`nalish” degan ma`nolarni anglatadi. Shar`iy istelohda esa, “Biror diniy masala, muammo bo`yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo`lidir”

  Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rohimahulloh “E`lous – sunan” asarlarida shunday deganlar: “To`rt mazhab imomlari haqiqatdan to`g`ri yo`l va hidoyatdadirlar. Bir yurtda qaysi birlarining mazhablari tarqalgan bo`lsa, o`sha mazhabning ulamolari va kitoblari ko`p bo`lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi (oyat va hadislardan o`zi mustaqil hukm chiqarishga qodir bo`lmagan kishi) uchun o`sha mazhabga ergashmog`i vojib bo`ladi. O`z yurtida keng tarqalmagan va ulamolari ko`p bo`lmagan mazhabga ergashishi joiz emas. Chunki bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o`rganish imkoni bo`lmaydi. Buni yaxshi biling. Inshaalloh, haqiqat bundan boshqada emas. Agar bir yurtda barcha nazhablar tarqalib, mashhur bo`lgan bo`lsa, hamda mana shu mazhablarning ulamolari ham yetarli bo`lsa, ijtihod darajasiga yetmagagn kishi uchun ulardan birini tanlab, o`zi tanlagan mazhabiga ergashishi vojib bo`ladi”.

  Hijriy VII arsda yashagan Imom Navaviy rohimahulloh ham bu mavzuga doir quyidagi fikrlarni aytganlar:” Mujtahidning hukmiga qarshi sahih hadis topgan kishi unga amal qilishi uchun alohida shartlar bor. Bu shartlarni o`zida jamlagan shaxs bizning zamonamizda o`ta ozdur”

  E`tibor beraylik, Imom Navaviy rohmatullohi alayh hijriy VII arsda turib “…bizning zamonamizda oz” demoqdalar. Hijriy hisobda XV asr bo`lmish bizning asrimizda bu shartlarni o`zida mujassam qilgan zotlar bormikin?

  Mazhabboshilar sahih hadisni hasanidan, hasan hadisni zaifidan, nosih hadislarni mansuxidan ajrata oladigan bo`lishgan. Shuningdek, ular oyat, hadis va osor (sahobalardan rivoyat qilingan xabarlar)ning ma`nolari va sharhlaridan xabardor bo`lganlar hamda oyat va hadislardan hukm olish uchun zarur bo`lgan bir qancha ilmlarni bilganlar. Bizning hozirgi zamonda bunday zotlarni topish amrimahol. Oddiygina bir misol keltiradigan bo`lsak, Qur`oni karim bo`yicha tafsir yozmoqchi bo`lgan kishida yetti hil ilm jamlangan bo`lishi kerak. Mujtahid darajasiga yetish uchun qancha ilm bo`lishi kerakligini endi bir o`ylab ko`raveraylik…

  Bir ishda bir mazhabga, ikkinchi bir ishda boshqasiga ergashish durust emas. Buni ulamolarimiz “Talfiq” deydilar. Bunday ishga qo`l urayotgan kishilar mazhabga emas, balki, o`zlarining havoi nafslarining xoxishiga ergashishayotgan bo`ladilar. Chunki, har bir masalada har bir maxhabning o`z qarashi va o`z yo`li bor. Biri ikkinchisiga qaraganda shu masala bo`yicha o`gir yoki yengil hukm aytilgan bo`lishi mumkin. Har bir masalada qaysi mazhazda yengilroq hukm bo`lsa, shunga ergashib ketaverish bu inson o`z nafsiga ergashishidan boshqa narsa emas. Dinda adashmaslik uchun, to`rtta mazhabdan ma`lum bir mazhabni tanlash va unga ergashish lozim. Bu tanlov jarayonida albatta har bir kishi o`zi istiqomat qilayotgan o`lkasi, bu o`lkada qaysi mazhab tarqalgani, qaysi mazhabning olimlari va kitoblari ko`pligiga qaraladi.

  Ulamolarimiz: “hatto ilmda yuqori darajaga yetib, mazhabning dalillarini solishtirib, kuchlisini aniqlash darajasiga yetgan odam ham birovlarga bu haqda gap ochmasin, fatvo bermasin. O`zi amal qilsa, ruxsat”, – deganlar.

Ulamolarimizning bunday deyishlarining sababi, musulmonlar orasida ixtilof chiqarmaslik uchun ko`rilgan chora – tadbirlardandir.

Ahli sunna val – jamoadagi to`rtta mazhablarning hammasini e`tirof etamiz va xurmat qilamiz. “Usulul – fiqh” kitoblarida ta`kidlanganidek, ulardan faqat bittasiga ergashamiz.

Alisher Sharipov,
Namangan shahar “Mavlono Aliyul Qori” jome 
masjidi imom-xatibi.