Жамият аъзоларига муносабат

BID'AT VA XUROFOTLAR

BID'AT VA XUROFOTLAR

       Inson Alloh taologa yaqin boʼlish uchun shariatda koʼrsatilgan biror amalni bajarar ekan, uning ixlosu muhabbati, koʼproq savob topish maqsadida bu amalni yana-da koʼrkamroq ado etishga undaydi. Biroq bidʼat degan tushuncha, bilib-bilmay bidʼat amalini qilib qoʼyish xavfi uni oʼz xohish-irodasini amalga oshirishiga toʼsqinlik qiladi. Shuning uchun musulmon kishi bidʼat soʼzining maʼnosi va bunday amallar haqida tushunchaga ega boʼlishi lozim.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kim bizning ishimizda dindan bo‘lmagan biron bir yangilik qilsa, u rad qilingandir”.

Bu amal muomalada – bid'at deb ataladi. Bid'at so‘zining lug‘aviy ma'nosi “yangi boshlangan” deganni anglatadi. Hadisning matnida “kim bizning ishimizda dindan bo‘lmagan bir amalni qilsa”, deb kelmoqda. Ya'ni, har bir yangilik ham bid'at deb nomlanmaydi. Dinga taalluqli narsa yangilik bo‘lgan bo‘lsa, bid'at deb nomlanadi. Har bir bid'at zalolatda deyiladi. Bu amallar qabul qilinmasligi haqida xabar berilyapti. 

Ahli ilm sohiblari bid'atlarni ikki qismga boʼlganlar: bidʼati hasana (yaxshi bidʼat) va bidʼati sayyia (yomon bidʼat). Bidʼati hasana deb, shariatda asli boʼlgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qoʼshimcha amallarga aytiladi. Bunga hazrat Umar (r.a.)ning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal boʼlgan taroveh namozini Rasululloh (s.a.v.) jamoat bilan oʼqimas edilar. Hazrat Umar esa xalifalik davrlarida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan oʼqishni joriy qildilar va: “Qanday yaxshi bidʼat boʼldi”, dedilar. Shunga binoan diniy ilmlar oʼrgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, mavlid oʼqish singari din asoslariga zid boʼlmagan amallar bidʼati hasana boʼladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.

Bidʼati sayyia esa, sharʼiy aslga ega boʼlmagan biror narsani joriy etish yoki sharʼiy aslni xilof ravishda ayricha talqin qilishdir. Bu eʼtiqod masalalariga taalluqli boʼlib, shariat koʼrsatgan eʼtiqoddan chetga chiqish, aqidaviy masalalarda gʼuluvga ketishdir.Masalan, to‘y marosimlarini olaylik. Agar biz sunnatga muvofiq to‘y qilamiz desak, bu kamxarajatli bo‘ladi. Bizni qiynamaydigan, hammasi aql bilan yo‘naltirilgan to‘y o‘tkaziladi. Agar bid'atga muvofiq to‘y qilinsa, yillar davomida yig‘ilib, bir kunda uni sochib, yana mashaqqatga qolishimiz tushuniladi. Shuningdek yana Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ko‘rsatib bergan motam kunlariga qo‘shimcha motam tutish, islom dinida bayram qilib belgilangan hayit kunlarini motamsaro kayfiyatda o‘tkazish, qabristonlarga borib sham yoqish kabilar ham bid’at sayyiaga kiradi.

Xurofot esa xalq o‘rtasida odatga aylangan, ammo din ko‘rsatmalariga zid bo‘lgan amallardir. Masalan: ayollarning farzand talab qilib, daraxtga latta bog‘lashlari, yangi kelin-kuyovlarning nikoh kechasi alanga yoqib, uning atrofida aylanishlari va shu kabilar.Odatda kayfiyatga ham, ish faolyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi irim sirimlarga, asosan ko‘proq ayollar ishonishadi. Bunga juda ham ko‘p misollarni keltirish mumkin. Masalan kechqurun tirnoq olsa (yoki seshanba,shanba,va hokazo kunlari) bo‘lmaydi, ayol kishi yo‘ldan kesib o‘tsa ishi yurishmaydi, tirik odamni bo‘yini o‘lchab bo‘lmaydi o‘likni o‘lchagandek bo‘ladi. Shanba kuni qo‘ldan pul ketsa faqirlik keladi, nonni dasturxonga toq qo‘yib bo‘lmaydi, a'zali dasturxonga toq qo‘yiladi va yana darvoza tepasiga, hovlidagi ustunlarga osib qo‘yiladigan hayvon bosh suyaklari, taqa, isiriq, qalampir, asalari uyasi shunga o‘xshash narsalar. Yana, qo‘lga, bo‘yinga osilgan ko‘zmunchoqlar, kiyimga qadab qo‘yilgan do‘lana va hokazo juda ko‘plab irim sirimlar bor. Halqimiz orasida irimlarga ishonish orqali, yaxshi va xayrli ishlarning kechikishi, insonlar hayotidagi intizomiy me'zonlarning izdan chiqishi, o‘zaro nizo va fitnalarga sabab bo‘lishiga olib keladi. 

Abu at-Tufayl Omir ibn Vosila (roziyollohu anhu) aytdilar: Hazrat Ali (karamallohu vajhahu)dan so‘ralganda, hazrat Ali: «Payg‘ambarimizning (sollalohu alayhi vasallam) o‘zimizga hos aytgan gaplari faqat mana shu qilichimning qinidagilardir»,- dedilar-da, undan bir sahifa qog‘oz chiqardilar. Bu sahifada: «Alloh taolodan bo‘lak narsalar nomiga atab biron jonliqni so‘ygan kishiga, ota-onasiga la'nat o‘qigan kishiga va shariatda bo‘lmagan narsalarni din nomidan paydo qilganlarga yo‘l bergan (imkoniyat tug‘dirgan) kishiga ham Alloh taoloning la'nati bo‘lsin», degan hadisi sharif yozilgan 

Bid'at-xurofotdan o‘zimizni va atrofdagilarni saqlash, muqaddas dinimizni xalqimizga yetkazish har bir mo’min musulmonning vazifasidir. Shunday ekan xalqimiz orasida sunnat bo’lgan amallarni ko’p tarqatadigan bo’lsak, bid’at va xurofotlar o’z-o’zidan yo’q bo’lib ketadi. 

Abdulloh Samatov ,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome
 masjidi imom-xatibi