Жамият аъзоларига муносабат

VATAN MUQADDAS

VATAN MUQADDAS

Har bir inson uchun eng aziz, eng muqaddas maskan — bu uning Vatani hisoblanadi. Chunki Vatan deganda, inson tug‘ilib-o‘sgan yurti, ajdodlari yashagan zamin, ota-onasi, tili, dini va milliy qadriyatlari tushuniladi. Shuning uchun ham Vatanga bo‘lgan muhabbat har bir yurakda yuksak tuyg‘u sifatida yashaydi.

Vatanni sevishda Payg‘ambrimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam biz ummat uchun go‘zal namuna sanaladilar. Zero Makka mushriklari o‘z vatanlari Makka shahrini tark qilishga majbur qilgani sabab Madina shahriga hijrat qilayotib shunday deganlar.

“Ey , Makka, sen men uchun qanday ham sevimli va yoqimli shaharsan. Agar qavmim meni sendan chiqarishga majbur qilmaganida edi, sendan boshqa joyda yashamas edim.” – deganlar.

Vatan muqaddas, chunki u bizning tariximiz, bugunimiz va kelajagimizdir. Vatan bizni boqadi, tarbiyalaydi, bizga ishonch va g‘urur bag‘ishlaydi. Vatan degani – tinch osmon, istiqlol bayrog‘i, ona tilimiz, milliy g‘ururimiz va ozod hayotimiz demakdir. Shu bois, har bir fuqaroning muqaddas burchi — Vatanga sadoqatli bo‘lish, uni himoya qilish, obod va farovon qilishga o‘z hissasini qo‘shishdir.

Islom dinida ham vatanni sarhadlarini quruqlagan insonni darajoti ulkan va savobi ulug‘ ekanliga quyidagi hadis misol bo‘ladi.

Payg‘ambrimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “ Ikki ko‘z egasini do‘zah otashi kuydirmas: biri – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib uxlamagan ko‘z.” – dedilar.    

Ajdodlarimiz ming yillab Vatan himoyasida kurashgan, uni saqlab qolish uchun jonini fido qilgan. Bugungi kunda esa biz bu merosni asrashimiz, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishimiz, yosh avlodni Vatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashimiz kerak. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Vatanga muhabbat — eng ulug‘, eng muqaddas tuyg‘udir.”

O‘zbekiston mustaqilligi tufayli biz bugun erkin hayot kechirmoqdamiz, o‘z yo‘limiz, o‘z kelajagimizni tanlay olamiz. Tinchlik va osoyishtalik — har bir Vatan farzandining eng katta boyligidir. Shu tinchlikni asrash, uni avaylab ardoqlash esa har birimizning burchimizdir.

Xulosa qilib aytganda, Vatan — har bir insonning yuragidagi eng muqaddas tuyg‘udir. Uni sevish, himoya qilish, uni obod qilish yo‘lida harakat qilish har bir fuqaroning, ayniqsa, yosh avlodning eng muhim vazifasidir. Zero, Vatanni sevgan inson — o‘zini, o‘z kelajagini sevgan .

Namangan shahar “Boxovuddin Naqishbandiy” 
jome‘ masjidi imom xatibi
Mashrabjon Abdurazzoqxo‘jaev