Ақидадан адашмайлик Раддия

IYMON- QALB TASDIG’I VA TIL IQRORIDAN IBORATDIR

IYMON- QALB TASDIG’I VA TIL IQRORIDAN IBORATDIR

Hanafiy-moturidiylik va ash’ariylik ta’limotida imonga “Imon – til bilan iqror qilib, qalb bilan tasdiq qilishdir”, deb ta’rif berilgan. Moturidiylik ta’limotiga oid manbalarda imonning ta’rifi quyidagicha berilgan:

الإِيْمَانُ هُوَ الاِقْرَارُ وَالتَّصْدِيقُ 

“Imon iqror va tasdiqdir”[1] 

وَالاِيْمَانُ فِى الشَّرْعِ: هُوَ التَّصْدِيقُ بِمَا جَاءَ بِهِ مِنْ عِنْدِ اللَّهِ تَعَالَى وَالاِقْرَارُ بِهِ 

“Iymon shariatda: (Nabiy sollallohu alayhi vasallam) Alloh taolo huzuridan keltirgan narsani tasdiqlash va uni e’tirof etishdir”[2] (Abu Hafs Nasafiy, Aqoid) deganlar.

والإيمان عبارة عن التصديق

“Imon – tasdiqdan iboratdir”[3] (Abul Barakot Nasafiy, Umdatul aqoid).

Ayrim manbalarda qayd qilinishicha, Abu Hanifadan “Imon qalb tasdig‘i”, degan qarash ham rivoyat qilingan. Abul Muin Nasafiy o‘zining “Bahrul kalom” asarida quyidagilarni zikr qilgan: “Imom Moturidiy “Imon qalb tasdiqidir”, deb aytgan”. E’tibor berilsa, hanafiy-moturidiylar va ash’ariylarning imonga bergan ta’riflari murjiiylarning unga bergan ta’rifiga yuzaki jihatdan o‘xshaydi. Biroq imonning ta’rifi mohiyatida ikki tomon bir-biridan tubdan farq qiladi. Chunki, murjiiylarning imonga bergan ta’riflariga diqqat bilan e’tibor berilsa, ikki ta’limotning bir-biridan farq qilishi yaqqol seziladi. Murjiiylarning imonga bergan ta’riflarining to‘liq shakli shunday: “Imon faqat tasdiqdan iborat bo‘lib, imon bo‘lsa, ma’siyat ta’sir qilmaydi, xuddi kufr bo‘lsa, toat ta’sir qilmagani kabi” deganlar. Shuningdek, murjiiylar inson imon keltirganidan so‘ng, unga hech narsa farz bo‘lmasligi, shuningdek, taqiqlangan amallarga qo‘l ursa, gunohkor bo‘lmasligini ta’kidlaydilar. 

Hanafiy-moturidiylik ta’limotiga ko‘ra, kishi kichik gunohga qo‘l ursa, qilgan xayrli ishlari sababli ushbu gunohi kechiriladi. Biroq katta gunohga qo‘l ursa, ushbu gunoh tavbasiz mag‘firat etilmaydi, deydilar.

Bu yerda shuni yaxshilab tushunib olish kerakki, shofeiy va jumhur muhaddislar ilgari surgan imon borasidagi ta’rif ham zohiriy jihatdan mo‘taziliylar hamda xorijiylar tomonidan imonga berilgan ta’rifning ayni o‘zidir. Biroq bu lafziy o‘xshashlik xolos. Mohiyat jihatidan esa shofeiylarning qarashi mo‘‘taziliylar va xorijiylarning qarashidan tubdan farq qiladi. Chunki, mo‘‘taziliylar va xorijiylarda imonning mazkur uchta unsuridan biri topilmasa, kishi imonidan ajraladi. Zero, ularning qarashiga ko‘ra, amallarni tark qiluvchi kishi do‘zaxda abadiy qoladi. Bugungi kundagi “salafiylar”ning imonga bergan ta’riflari ham aynan xorijiy va mo‘‘taziliylarning ta’rifi bilan bir xil. “Salafiylar” tomonidan imonga berilgan ta’riflardagi o‘xshashlik asosida hanafiy mazhabi vakillarini murjiiylarga qiyoslanayotgan bo‘lsa, “salafiylar”ni ham o‘z ta’riflariga ko‘ra “xorijiy” yoki “mo‘taziliy” deb atash mumkin ekan-da!

Yana shuni yaxshilab bilib olish kerakki, hanafiy va jumhur mutakallim (moturidiy, ash’ariy)larning imonga bergan ta’rifi zohiriy jihatdan murjiiylar tomonidan unga berilgan ta’riflarga o‘xshaydi. Biroq, bu yerda ham lafziy o‘xshashlik bor xolos. Chunki, ikki qarash vakillarining aytgan so‘zlari mohiyatan o‘zaro tubdan farqlanadi. Zero, hanafiy va jumhur mutakallimlar amallarni zaruriy, deb bilib, amalni tark qiluvchi kishini fosiq, deb ataydilar. Murjiiylik ta’limotida esa, amalning hech qanday ahamiyati yo‘q, deyiladi.

Imonga berilgan ta’riflarning zohiriy o‘xshashligidan kelib chiqib, shofeiy va jumhur muhaddislarni xorijiylarga, mo‘‘taziliylarga o‘xshatish xato bo‘lganidek, hanafiy va jumhur mutakallimlarni ham murjiiylarga o‘xshatish zulm sanaladi. Zero, zulm – haqni o‘z o‘rniga qo‘ymaslik. Bu yerda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir jihat shundan iboratki, Abu Hanifa rahmatullohi alayhga nisbatan murjiiylik nisbatini berish o‘ta ketgan insofsizlik hisoblanadi.             Shunday ekan, imonga berilgan ta’riflarning zohiriy o‘xshashligidan kelib chiqib, shofeiylar, jumhur muhaddislar va bugungi kundagi “salafiylar”ni xorijiy va mo‘taziliylarga o‘xshatib bo‘lmaganidek, hanafiylarni ham murjiiylarga o‘xshatishdan tiyilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Abdulloh Samatov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome 
masjidi imom xatibi


 


[1] “Al-Fiqh al-akbar”:Abu Hanifa No’mon ibn sobit r.a., Al-Fiqh al-akbar.

[2] Aqoid an-Nasafiyya”  Abul Barakot Nasafiy

[3] “Umdatul aqoid”: Abul Barakot Nasafiy.